Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida 46 yoshli erkak A.V. 77 yoshli keksa kishi A.A. ni jamoat joyida do‘pposlab, tan jarohati yetkazgani uchun sud tomonidan 17 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikkala shaxs ham qarindosh bo‘lib, A.V. mast holda A.A. ni bozorda uchratib qolgan. Suhbat davomida A.A. “Xotiningni bir o‘zini umra ziyoratiga jo‘natdingmi?”, deb so‘raydi. Bu savol esa A.V.ning jahlini chiqarib, qariyani do‘pposlashiga sabab bo‘ladi.
“Sud qaroriga ko‘ra, A.V.ga 17 million so‘m miqdorida jarima belgilandi. Majburiy ijro byurosi Yozyovon tuman bo‘limiga kelib tushgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochilari A.V. bilan ko‘plab tushuntirish ishlarini olib bordi. A.V. avvaliga jarimani to‘lashdan bosh tortib, “qariyaga dori-darmon olib bergani”ni bahona qildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, davlat ijrochilarining qat’iy harakatlari natijasida A.V. joriy yilning yil 24 aprel kuni jarimani to‘liq to‘lagan va ijro hujjati amalda tamomlangan.