Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan xabarlarga ko'ra, 2025-yil 20-aprel kuni kechasi Farg‘ona davlat musiqali drama teatri direktori S.M. boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomobil yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Oqibatida avtomobil salonida bo‘lgan 56 yoshli teatr xodimi B.Sh. og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etdi.
Fargona24.uz Mazkur holat yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida Farg‘ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan bog‘landi. YHXB bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 1986-yilda tug‘ilgan haydovchi S.M. 20-aprel kuni soat 22:00 lar atrofida Farg‘ona shahri hududida Nexia-3 avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada mashina yo‘l chetidagi beton ustunga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Bildirilishicha, hozirda holat yuzasidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Hurmatli haydovchilar o‘zingiz va o‘zgalar hayotini xavf ostida qoldirmaslik uchun yo‘l harakati qoidalariga amal qiling!