Bugun, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi (AFAD) saytida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, katta vahima uyg‘otgan zilzila taxminan 10 soniya davom etgan. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan.
Turkiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, mamlakatda yer silkinishlari hozir ham davom etmoqda. Zilzilaning epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgani aytilmoqda.
Rasmiy idoralar aholini hushyor bo‘lishga chaqirib, ehtiyot choralarini ko‘rishga undamoqda. Ayni paytga qadar zilzila oqibatida necha kishi jabrlangani yoki qurbonlar bor-yo‘qligi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ham Turkiyada yashayotgan vatandoshlarni ogoh bo‘lishga chaqirib, rasmiy ogohlantirish bilan chiqdi.
“Barchangizga tinchlik va omonlik tilaymiz. Alloh O‘z panohida asrasin”, — deyiladi konsulxona murojaatida.