Farg‘ona viloyatida Nexia-3 haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, mashinalarni quvib o‘tishi tufayli Tico bilan to‘qnashdi. Oqibatda Tico haydovchisi vafot etdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 5 may kuni soat 16:00 larda Farg‘ona tumani “Farg‘ona-Vodil-Hamzaobod” avtomobil yo‘lining 14-kilometrida 2000 yilda tug‘ilgan haydovchi Nexia-3 rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasini buzgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlanishi oqibatida o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan 1960 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Tico rusumli avtomobil bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi oqibatida Tico rusumli avtomobil haydovchisi vafot etgan. Shuningdek ikki nafar yo‘lovchilari tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.