iPhone narxi 3,5 ming dollarga chiqishi mumkin – CNN

Agar iPhone’ni AQSHda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, uning narxi uch baravardan ko‘proq oshib, ming dollardan taxminan 3,5 ming dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda Wedbush Securities moliyaviy kompaniyasining global texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlar bo‘limi rahbari Den Ayvzga tayanib, CNN xabar berdi.

Hozirda iPhone’ning asosiy qismlari Osiyoda ishlab chiqariladi: chiplar asosan Tayvanda, ekran panellari esa Janubiy Koreya kompaniyalari tomonidan yetkazib beriladi. Qolgan komponentlarning katta qismi va qurilmaning yakuniy yig‘ilishi – taxminan 90 foizi Xitoyda amalga oshiriladi. Ayni damda AQSH va Xitoy o‘rtasida savdo urushi ketmoqda: AQSH tomoni 125 foizlik, Pekin esa 84 foizlik bojlar joriy qilgan.

Ayvzning ta’kidlashicha, Apple yetkazib berish zanjirini AQSHga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Masalan, kompaniya G‘arbiy Virjiniya va Nyu-Jersidagi zavodlardan foydalanishi mumkin. U yerda elektron qurilmalar uchun chiplar ishlab chiqariladi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, yetkazib berish zanjirining atigi 10 foizini AQSHga ko‘chirish 3 yil vaqt va 30 milliard dollar mablag‘ talab qiladi.

Teglar: Iphone AQSh Apple Xitoy